Ijodkorlik laboratoriyasi

Abu Rayhon ibn Ahmad Beruniy

 

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Al-Beruniy (4-sentyabr, 973-yil, Kat (hozirgi Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumani), Xorazm, – 13-dekabr, 1048-yil, Gʻazna) — Islom oltin davrining zabardast Xorazmlik qomusiy allomalaridan biri. Gʻarb tillarida uning ismi Aliboron deb ham atalgan. Al-Beruniy nomi forscha „birun“ („chet“ degan maʼnoni anglatadi) soʻzidan olingan boʻlib, u Afrigʻiy  Xorazmshohlar  poytaxti  Kat  shahrining chekka tumanida tugʻilgan. Al-Beruniy hayotining dastlabki 25 yilini  Xorazmda  oʻtkazdi, u yerda  islom,  fiqh,  ilohiyot,grammatika,  riyoziyot,  falakiyot,  tibbiyot  va  falsafa,  fizika  va boshqa ilmlar bilan ham shugʻullandi. Beruniy ona tili boʻlgan xorazmiy tilidan  tashqari fors, arab yunon, ibroniy va suryoniy tillarini bilgan va 50 yoshida sanskrit tilini oʻrgandi. Iroqiylarning oxirgi vakili Abu Nasr Mansur ibn Iroq  Beruniyning ustozi edi. Al-Beruniy  falakiyot,  riyoziyot,  geodeziya,  jugʻrofiya  va  mineralogiya  va tabiiy fanlarni yaxshi bilgan. Shuningdek, tarixchi, xronolog va tilshunos sifatida ham ajralib turardi. U oʻz davrining deyarli barcha fanlarini mukammal oʻrgangani sabab qomusiy alloma deb nomlanadi va koʻplab ilm sohalarida tinimsiz izlanishlari uchun moʻl-koʻl mukofotlangan. Shoh xonadoni va jamiyatdagi boshqa qudratli unsurlar Al-Beruniyning tadqiqotlarini moliyalashtiradi. Oʻziga xos taʼsirga ega boʻlgan Al-Beruniyning oʻzi ham falsafani oʻrganish davomida, boshqa xalqlarning olimlaridan, xususan, yunon olimlaridan ham ilhom olgan.

Abu Rayhon ibn Ahmad Beruniy ta’lim va tarbiya masalalariga chuqur qiziqqan olimdir. U bilimlarni egallash, haqiqatga erishish, aqliy fikr yuritish, fanlarni o‘rganish, hayot va faoliyat bilan chambarchas bog‘liqligi haqidagi, shuningdek, ta’lim va tarbiya uslublari xususidagi g‘oyalarni ilgari surgan. Beruniy insonning barcha mavjudotlardan ustunligi uning tafakkuri orqali ekanligini izohlaydi. Shuning uchun ham “er yuzidagi barcha hayvonlar unga bo‘ysunadilar, aks holda inson eng kichik hayvondan ham ojiz bo‘lar edi”  deb ta’kidlaydi.

Beruniy inson tashqi olamni bilishda asosan aqlga tayanishi va shuning uchun ham u barcha jonzotlardan ustun turishini alohida ta’kidlab, “Inson aqlga muvofiq bilish orqali olamning mohiyati haqidagi bilimlarni o‘zlashtiradi. Lekin bilimlarning cheki yo‘q va hamma bilimlarni tez egallash mumkin emas”, deb ta’kidlaydi.  Shu boisdan inson o‘zi bilib olgan narsalar bilan kifoyalanib qolmay, balki doimo yangi bilimlarni o‘zlashtirishga intilishi kerak. Uning fikricha, inson bilish, tushunish, fikrlash, muhokama qilish, mulohaza yuritish, o‘ylab topish singari iste’dodga egadir. Inson tafakkurining qudrati shundaki, uning yordamida voqea va hodisalarni bir-biriga chog‘ishtirish, tahlil qilish orqali rostni yolg‘ondan, adolatni adolatsizlikdan, yaxshini yomondan, haqiqatni esa nohaqlikdan ajratish mumkin.

Ruhiyat, ong va tafakkur barcha hodisalarning ta’siriga bog‘liqdir, chunki inson tafakkuri doimo voqelikni bilishga qaratilgandir. «Ammo inson, - deydi Beruniy, - narsa va hodisalarning sifat xususiyatlari haqida bilim beruvchi hissiy bilish darajasida to‘xtab qolmaydi, balki narsalarning chuqur va atroflicha bilish, shu narsalar haqida fikr yuritishni talab qiladi». Tafakkur, ijodkorlik  qobiliyati tufayli inson narsa va xodisalarni bir-biri bilan solishtiradi, qiyoslab ko‘radi, o‘z bilimlarining chinligini aniqlaydi, yangi bilimlarning ob’ektiv voqelikka mosligini tekshirib ko‘radi. Shuningdek ijodkorlik qobiliyati tufayli inson u yoki bu darajada turli bilimlarni o‘rganishga chanqoqlik his qiladi.

Beruniy mamlakatning obodonligi ilm–fanning ravnaqi tufayli deb aytadi, yoshlarning baxt–saodati va kamoloti esa ularga bilim va ma’ri¬fat beruvchi mudarrislarga bog‘liq deb ta’kidlaydi. Ilm va ma’rifat sari intiluvchi tolib va mudarrislarga deydiki: “Ilm dargohiga kirar ekansan, qalbing kishini ozdiruvchi illatlardan, odamni ko‘r qilib qo‘yadigan nafs va turli buzg‘unchi holatlardan, qotib qolgan turli eski urf–odatlardan, hirsdan, raqobatdan, ochko‘zlikni quli bo‘lishdan ozod bo‘lmog‘i darkor”.